Assalomu alaykum, Mehmon!
Soat: 19:20
«Ayaks»ning parvozi tasodif emas
19 Mart, 16:20 / O'qildi: 71

Golland futbolining eng nomdor jamoasi 16 yillik tanaffusdan so'ng yana hammani o'ziga qaratmoqda. Jamoa 2003 yildan beri ilk bora EChLning chorak final bosqichiga etib keldi.

Shubha yo'qki, shu davr ichida dunyodagi eng sermahsul futbol dorilfununi ham taraqqiyot yo'lidagi izlanishlarini davom ettirdi, o'quv-mashg'ulot tizimini takomillashtirish uchun yangi vositalarini joriy etdi. Natijada ana shu sa'y-harakatlar o'z samarasini berib, «Ayaks» akademiyasi hamon turdosh bilim maskanlari orasida etakchilik maqomini saqlab qoldi. Nimchorak final «dueli»da «Real»ning mahv etilishida ham iqtidorlar chashmasining munosib hissasi bor. Quyidagi material bilan tanishib chiqsangiz, bunga ishonch hosil qilasiz.

2018 yilning yozida «Ayaks» akademiyasining eng sara 7 nafar tarbiyalanuvchilari jamoa mashg'ulot bazasiga tashrif buyurishdi. U erdagi maxsus jihozlangan xonada yosh iqtidor sohiblarini klub bosh direktori Edvin van der Sar va sport direktori Mark Overmarslar qarshi oldilar. Golland futbolining taniqli arboblari bo'lajak yulduzlar bilan dildan suhbatlashish va ularni maxsus tayyorlangan videorolik bilan tanishtirishni rejalashtirishgandi.

Videomaterialda tadbirga taklif etilgan har qaysi bo'lajak futbolchiga mos keladigan jamoa afsonalari tanlab olingandi. Darvozabon Andre Onana uchun namuna sifatida Edvin van der Sar, hujumchi Kasper Dolberg uchun Zlatan Ibragimovich, Jastin Klyuyvertga otasi - Patrik, Frenki de Yongga Kristian Eriksen, Matteys de Ligtga esa 70-yillarning afsonaviy himoyachisi Barri Xyulsxofflar ibrat bo'lishlari ko'zda tutilgandi.

Van der Sarning ta'kidiga ko'ra, shu yo'l orqali bo'lajak yulduzlarda qay tariqa «Ayaks» va golland futboli afsonalariga aylanish mumkinligi haqida tushuncha paydo bo'ladi. Film klubning bebaho javohirlarini porloq kelajakka ishontirish, ularni Angliya, Ispaniya yoxud Italiyaga yo'l olish istagidan qaytarish, 1-2 yil birgalikda o'z mahoratlariga sayqal bergan holda to'p surib, sovrinlarga sazovor bo'lish va shundan keyin etakchi chempionatlarda o'z faoliyatlarini davom ettirishga da'vat etardi.

Ulkan tajribaga ega bo'lgan malakali mutaxassislar tomonidan puxta o'ylangan va muvaffaqiyatli o'tkazilgan tadbir tezda o'z samarasini ko'rsatdi. Taklif etilgan ishtirokchining 6 nafari bu mavsumni «Ayaks»da o'tkazishga ahd qilishdi va «Real» to'sig'idan o'tish uchun bor imkoniyatlarini safarbar etishlarini ma'lum qilishdi. Faqat Jastin Klyuyvert jamoa bilan shartnomani uzaytirishni istamadi. Oqibatda jamoa «Roma»ning Jastinga oid taklifini qabul qildi. Albatta, Klyuyvertning ketishi ayrim noroziliklarga sabab bo'ldi: uning ketgani uchun emas, balki ayriliqning juda tez yuz bergani uchun. Qolganlar esa shijoat bilan ter to'kishda davom etishdi va EChLning chorak finali yo'llanmasini «Real»dan tortib olishdi.

Bundan bir oy muqaddam «Ayaks» ijodkorlari yana bitta ibratli videorolikni yaratishdi. Biroq uni nafaqat jamoa muxlislari, balki er yuzidagi millionlab futbol ishqibozlari ham tomosha qilishdi. Atigi 1 daqiqaga mo'ljallangan rolik yozda 75 mln. evro evaziga «Barselona» safiga qo'shiladigan 21 yoshli Frenki de Yongga bag'ishlangan. Yarim himoyachining salohiyati shubhalardan xoli, vatandoshlari uni Yoxan Kroyffga tenglamoqdalar. Amsterdamliklar bu yo'qotishni ham to'g'ri qabul qilishdi - Frenki har jihatdan top-klubda munosib to'p sura oladigan saviyaga ko'tarilgandi.

8 yoshidan jamoa tizimida ulg'aygan Matteys de Ligt navbatdagi qaldirg'och sifatida uchirmaga shay turibdi. Uning o'yinlarini tomosha qilish uchun eng sara klublar vakillari kelishmoqda.

Jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Erik Den Xag eng sara shogirdlaridan judo bo'lish juda og'riqli ekanini ta'kidlar ekan, shunday yuksak mahorat sohiblariga ustozlik qilgani bilan faxrlanishini yashirmadi: «Ha, biz ular bilan maqtanishga haqlimiz. Ularni maktabimizga olib kelgan skautlar ham mamnun ekanliklariga shubha yo'q, Mark Overmars o'z faoliyatidan xursand ekanligini ham bilaman. Yigitlarimizning grand jamoalar tarkibidan joy olishgani mehnatlarimiz samarasidir».

Bu ko'rinishdagi klub taraqqiyoti «Ayaks» uchun yangilik emas. Shonli an'ana bir necha 10 yilliklardan beri davom etmoqda. Masalan, 1973 yilda Yoxan Kroyff aynan Kataloniyaga yo'l olgandi. Keyin uning ortidan Yoxan Neeskens, Marko van Basten, Frank Raykaard, Klarens Zeedorf, Edgar Davids, Patrik Klyuyvert, Uesli Sneyder, Rafael van der Vart, Kristian Eriksen, Zlatan Ibragimovich, Yan Vertongen, Luis Suares kabi ko'plab afsonalar qit'aning nomdor jamoalari safini to'ldirishdi. Endi ularning portretlari «Ayaks» bazasidagi kabinetlar va o'quv xonalarini bezab turibdi. Sharafli an'anaga esa 90-yillarda amsterdamliklarni qit'a futbolining cho'qqisiga olib chiqqan afsonaviy Rinus Mixels hamda faqat akademiya tarbiyalanuvchilaridan ajoyib jamoani shakllantirgan Lui van Gallar tamal toshini qo'yishgandi.

Yuqorida zikr etilgan afsonalar yuksak standartlarni o'rnatishdi, klub esa ulardan andoza olgan holda samarali faoliyatini davom ettirmoqda. Buning uchun tarbiyalanuvchilarga ilk kunlardan boshlab taktika saboqlari va 4-3-3 sxemasining o'ziga xos jihatlari bilan birgalikda mas'uliyat, tashabbuskorlik, shuningdek, kerakli paytda ehtiroslardan forig' bo'lish va samarali mehnatdan so'ng miriqib hordiq chiqarish xususida yo'l-yo'riqlar berib boriladi.

Shu tariqa iqtidorlar konveyeri to'la quvvat bilan samarali faoliyatini davom ettirmoqda. Professional klublarni malakali kadrlar bilan ta'minlashda Evropaning hech qaysi o'quv maskani «Ayaks» maktabi bilan tenglasha olmaydi. Tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha, 16 yoshgacha akademiya saboqlarini olgan tarbiyalanuvchilarning 86 foizi klubda o'z faoliyatini boshlab, keyin qit'aning nomdor jamoalariga o'tib ketadilar.

Ta'kidlash joizki, «Ayaks» akademiyasi uzoq yillar davomida bir qolipda ish olib boryapti, degan fikrdan yiroqmiz. Ijtimoiy taraqqiyot futbolni ham chetlab o'tmagan, to'xtovsiz ravishda olg'a intiladigan vaqt bu sohaga tegishli o'zgarishlarni kiritishga majbur etmoqda. 2011 yilda Kroyff qaytganidan keyin klub tizimi tubdan o'zgardi. Ya'ni, jamoa o'z tarkibiga katta ish haqi talab qiladigan etuk futbolchilar va mashhur yulduzlarni jalb etish usulidan voz kechib, asosiy e'tiborini mahalliy iqtidorlarga qarata boshladi.

E'tiborli jihati shundaki, akademiya uchun tarbiyalanuvchilarning natijalaridan ko'ra ularning har tomonlama mukammal bilim olishlari, futbolchi va shaxs sifatida talab darajasida rivojlanishlari muhimroq. Bundan tashqari, hozirda mahoratli futbolchilarni iloji boricha barvaqtroq voyaga etkazish davr talabi ekanligini akademiya rahbariyati tushunib etdi. Avvallari yosh iqtidor sohiblarining 23-24ga chiqqanda etuklikka erishishlari barchani qoniqtirgan bo'lsa, zamonaviy futbol akademiyalardan iqtidorlarning «ertapishar navlari»ni etishtirishni talab qilmoqda. Buning uchun tarbiyalanuvchi 18-19 yoshda mukammallikka erishishi lozim bo'ladi. Shunda futbolchi 20-21 yoshida har qanday grandda talab darajasida to'p sura oladi. Natijada «Bo'rining to'qligi, qo'chqorning omonligi» ta'minlanadi. Ya'ni, klublar saviyali futbolchiga, «Ayaks» esa mo'may daromadga ega bo'ladi.

Jamoaning bu yo'ldagi sa'y-harakatlari alohida e'tiborga molik: tarbiyalanuvchilar o'rta maktab ta'limini akademiya hududida oladilar, shu tariqa vaqt tejaladi. Bundan tash­qari, amsterdamliklar guruhlardagi yosh toifalaridan imkon qadar voz kechishgan - barcha ko'rsatkichlari talab darajasida bo'lsa, 13 yoshli bolakay 17 yoshli yigitcha bilan yonma-yon to'p surishi mumkin. Bu usul yosh futbolchida ilk kunlardan boshlab bosim va raqobatga ko'nikma hosil qiladi.

Albatta, mukammal tizim sermahsulligini ta'minlash ulkan xarajatlarni talab etadi. «Ayaks» esa yosh iqtidorlarni tarbiyalaydigan inkubator maqomiga rozi emas. Moliyaviy jihatdan Evropa grandlari bilan raqobat qila olmagani bois, o'z jangchilarini uzoqroq ushlab qolishning iloji yo'q. Chunki u Angliya, Ispaniya, Italiya va Germaniyadagi maoshlarni va'da qila olmaydi. Aksincha, jamoa ish haqini imkon qadar qisqartirishga, tijorat orqali tushadigan daromadlarni esa ko'paytirishga intiladi. Bu borada jamoa AQSh va Xitoydagi mavqeini oshirishga intilmoqda.

De Yong, de Ligt va boshqa mahorat sohiblari evaziga «Ayaks» 13 yillik tanaffusdan so'ng EChLning «pley-off» bosqichiga ko'tarildi. «Shalpangquloq» sovrinni qo'lga kiritish imkoniyati juda oz bo'lsada, mana shu saviyani saqlab qolish - jamoaning asl maqsadi. Buning uchun Amsterdamni tark etgan yulduzlar o'rnini futbol Olimpi sari dadil intila oladigan yangi qahramonlar bilan to'ldirish lozim bo'ladi.

«Biz klub va jamoa kelajagini bir necha qadam avvalroq ko'ra olishimiz shart. Futbolchilarning jamoada uzoq ushlanib qolmasliklari muhim ahamiyatga ega. U holda keyingi avlod vakillari o'z salohiyatini namoyish etishga ulgurmay qoladilar. Natijada hammasi barbod bo'ladi», - deydi van der Sar.

Darhaqiqat, bundan bir necha yil muqaddam Devi Klassen bilan yuz bergan voqea bosh direktorning fikrini to'la tasdiqlaydi. O'shanda «Ayaks»ning sobiq sardori 24 yoshda bo'lib, navqiron Donni van de Bek uning o'rniga da'vogarlik qilgandi. Ammo Klassen o'rnini bo'shatishga oshiqmadi, de Bek asosiy tarkibga chiqa olmadi. Mutasaddilar bundan to'g'ri xulosa chiqarib, Klassenni 27 mln. evro evaziga «Everton»ga sotib yuborishdi. Shundan keyin Donni «Ayaks» yarim himoyasining asosiy ijrochilaridan biri bo'lib oldi. Biroq u hozir 21 yoshni qoralab ulgurdi. Demak, 1-2 yil ichida Amsterdamni tark etadi. Navbatdagi yulduz qayoqqadir parvoz qiladi, ammo ular kamayib qolmaydi - «Ayaks»da o'zgacha bo'lishi mumkin emas!

Manba: stadion.uz

Mulohazalar